O‘zbekiston Prezidenti Shavkat mirziyoyev 22 fevral kuni mamlakatda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida chet ellik turistlarni ro‘yxatga olish tartiblarini soddalashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Turistlar mamlakatga kelgandan so‘ng yashash joyi bo‘yicha 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi ularga noqulaylik tug‘dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

«Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o‘rinlari ochamiz desak, turistga shart qo‘yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

1 iyuldan O‘zbekistonda elektron vizalar joriy qilinadi. Yig‘ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirish, jahon tajribasini o‘rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda 2017 yilda O‘zbekistonga qariyb 2,7 mln turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko‘rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko‘rish, davolanish, o‘qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etishi ta’kidlandi.

«Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib keldi», — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda turizmning barcha istiqbolli yo‘nalishlarida sayyohlar sonini ko‘paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.