22 fevral kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Qo‘chqor-Ota shaharchasida gaz portlashidan jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari vatanga olib kelindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, uch nafar o‘zbekistonlik Qo‘chqor-Otadagi «Aziya» kafesida ishlayotgan vaqtda gaz portlashidan jarohatlangan edi. FVV va Ichki ishlar vazirligi fuqarolarning shaxsini va O‘zbekistondagi yashash joyini aniqlab, hodisa to‘g‘risida ularning yaqinlarini xabardor qildi.

O‘zbekiston fuqarolari zarur tibbiy yordamni olib, shifokorlar xulosasi bo‘yicha mutaxassislar nazorati ostida davolanishni davom ettirish uchun O‘zbekistonga olib kelindi.

14:00 da jarohatlanganlar Sog‘liqni saqlash vazirligi reanomobillarida O‘zbekiston chegarasidan olib o‘tilib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon va Namangan viloyatlaridagi filiallari kuyish bo‘limlariga muvaffaqiyatli joylashtirildi.