O‘zbekistonning yana uchta xalqaro aeroportida — Andijon, Nukus va Navoiyda «Ochiq osmon» rejimi joriy etiladi. Bu haqda 22 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm sektorini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Fevral oyi avvalida davlat rahbari imzolagan «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida «Qarshi» aeroportini «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tarkibidan chiqarish, uni ixtisoslashgan kompaniya boshqaruviga berish va uning hududida loukosterlarni jalb qilgan holda «Ochiq osmon» rejimini joriy etish belgilangan edi.

Qarshi aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish asosida 1 iyunga qadar ishlab chiqilishi lozim.

Yig‘ilishda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha natijali ish olib borilmayotgani tanqid ostiga olindi.

Buning oqibatida minglab O‘zbekiston fuqarolari xorijga parvozlarni qo‘shni davlatlar orqali amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda, deya qayd etdi Prezident.

Shundan kelib chiqib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ularga muvofiq aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo‘lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.