2017 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan 3500 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari tashkiliy ravishda ishlash uchun xorijga jo‘natildi. Bu haqda 23 fevral kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Jumladan, 2613 nafar O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyada ishlashga yuborilgan bo‘lsa, 2710 nafar nomzod koreys tili bo‘yicha test sinovlarini topshirdi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2017 yil 5 aprel kuni Moskvada imzolangan kelishuvga muvofiq esa 922 nafar mehnat migranti Rossiyaga jo‘natildi. Yana 17 nafar o‘zbekistonlik Yaponiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborildi.

Matbuot anjumani jarayonida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Zokir Umarovning ma’lum qilishicha, 2018 yilda faqatgina Rossiyaga 50 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosini tashkiliy ravishda yuborish rejalashtirilmoqda.