20 fevral kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Qo‘chqor-Ota shaharchasida baxtsiz hodisa ro‘y berdi. Natijada shahardagi kafelardan birida ishlaydigan uch nafar O‘zbekiston fuqarolari jarohatlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Jalolobod viloyatining IIB ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘chqor-Ota shaharchasidagi «Aziya» kafesida gaz o‘chog‘idan gaz sizilishi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Voqea ro‘y bergan paytda xonada 4 kishi bo‘lgan, va natijada ularning yuqori tana qismlari kuygan. Jabrlanganlardan uch nafari Namangan shahri, va yana biri Qirg‘izistonning To‘xtagul tumani istiqomatchilari bo‘lgan.

Ikki nafar O‘zbekiston fuqarolari — Azimjon Valiyev va Muhammadbobir Turg‘unpo‘latov Qo‘chqor-Ota shahridagi shifoxonaga joylashtirildi. Rustam Parpiyev esa uchinchi darajada kuyib, O‘sh shahridagi kasalxonaga yotqizildi.

Favqulodda hodisa ro‘y bergan joyda operativ tergov guruhi faoliyat olib bormoqda. Hodisa holatlari tergov qilinmoqda.

O‘zbekiston elchixona tomonidan O‘sh shahridagi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul Vakolatxonasi vakillari va Jalolobod tumani Ichki ishlar boshqarmasi bilan ishchi aloqalar o‘rnatildi.