20 fevral kuni O‘zbekiston nashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Chili Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Rodrigo Xose Niyetoni qabul qildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Elchi o‘zining ishonch yorliqlarini taqdim etdi.

Qisqa marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Chili hamkorligini ikki tomonlama shaklda rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, parlamentlar va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, madaniy va gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, O‘zbekiston va Chili o‘rtasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish istiqbollari qo‘llab quvvatlandi. Qayd etilganidek, savdo, iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarni oshirish maqsadida faxriy konsullar tayinlash imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Suhbat chog‘ida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, mintaqaviy muammolar, xususan, xalqaro hamjamiyat e’tibori markazida bo‘lgan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Elchiga Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etish taklifi berildi.