Jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent viloyat sudi chorshanba kuni moliyaviy piramida asoschisi Ahmad Tursunboyevni 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu muddatning boshlanish sanasi sifatida Ahmad Tursunboyev va uning olti nafar sherigi hibsga olingan 2016 yilning 16 iyuni belgilandi.

Ular O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik), 188- (noqonuniy tadbirkorlik faoliyati), 189- (savdo-sotiq yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarining buzilishi), 190- (litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish), 211- (poraxo‘rlik) va 243- (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi.

Sud, shuningdek bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga taqiq qo‘yib, eng kam oylik ish haqining 400 barobari miqdorida (52 million 96 ming so‘m) jarima ham belgiladi.

Ahmad Tursunboyevning olti nafar sherigiga quyidagi hukmlar chiqarildi:

O. Qo‘chqorov — bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish va EKOIHning 400 barobari miqdorida jarima;

I. Ibrohimov — bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish va EKOIHning 350 barobari (45 mln 584 ming so‘m) miqdorida jarima;

M. Tursunboyev — bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish va EKOIHning 350 barobari miqdorida jarima;

O. Tursunbayev — bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish va EKOIHning 350 barobari miqdorida jarima;

A. Turdiyev — bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish va EKOIHning 350 barobari miqdorida jarima;

R. Ismoilov — 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va EKOIHning 400 barobari miqdorida jarima.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatining qayd etishicha, sud jazo chorasini tayinlashda sudlanuvchilarning sodir etilgan jinoyatdan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh etishda faol ishtirok etganini hisobga oldi.

Sud moddiy zararni qoplash masalasi boshqa jinoyat ishlarini ham tergov natijalariga qarab hal etilishini ko‘rsatib o‘tdi.