Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida O‘zbekiston fuqarosining Toshkent va Toshkent viloyatida bo‘lib turish muddatini uzaytirish taklif qilingan Prezident qarori loyihasini taqdim etdi.

201 yilgi Davlat dasturida 2012 yil 16 avgustda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarosining poytaxt hududida yashash joyi bo‘yicha doimiy propiskaga qo‘yish va hisobga olish tartiblari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartishlar kiritish belgilangan.

Loyihada yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan bo‘lish muddatini 10 kunga uzaytirish (hozirda — 5 kun) taklif qilinmoqda.

Mos ravishda doimiy yashash joyi bo‘yicha propiskadan chiqmasdan yashash joyi bo‘yicha hisobga turish muddatini 10 kundan 1 yilgacha oshirish (hozirda — 5 kundan 6 oygacha) rejalashtirilmoqda (ta’lim olish uchun kelgan fuqarolar uchun — o‘qish muddati davomiga).

Hisobga turish muddati fuqaroning Toshkentga yoki Toshkent viloyatiga kelish vaqti temir yo‘l chiptasi yoki aviachipta asosida hisoblanadi. Ushbu chiptalar yo‘q bo‘lganda esa fuqaro vaqtincha yashash joyi bo‘yicha profilaktika inspektoriga murojaat qilib, pasport nusxasiga yetib kelgan muddat ko‘rsatilgan qaydni kiritib qo‘yishi lozim.

16 yoshga to‘lmagan shaxsni hisobga qo‘yishda javobgarlik ijaraga olingan turar joyda u bilan birga yashayotgan voyaga yetgan shaxsga yuklanishi taklif qilinmoqda. Hozirda bu javobgarlik yashash joyi taqdim etgan turar joy egasiga yuklangan.