10 fevral kuni Toshkentda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, xabar berdi O‘zA.

Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 4−6 dekabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida qo‘shma komissiyasini tuzish haqidagi kelishuvga erishilgan edi. Uning tarkibiga O‘zbekiston va Afg‘oniston Xavfsizlik kengashlari apparati, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari kiritildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, qurol savdosi va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va uyushgan transmilliy jinoyatchilikning boshqa shakllariga barham berish masalalaridagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Bojxona bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf qilish, davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi o‘zaro aloqalarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Xavfsizlikni ta’minlash, qo‘shma taraqqiyot va infratuzilma loyihalari, jumladan, Mozori-Sharif — Hirot temir yo‘li hamda Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi qurilishini amalga oshirish, shuningdek, Kobul va Mozori-Sharif shaharlaridagi ishlab chiqarish korxonalari, markazlari, savdo uylari xavfsiz faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Afg‘oniston Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Tranzit-transport, infratuzilma, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika va boshqa muhim sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilishda Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda uzoq istiqbolli barqarorlikni ta’minlashda tinchlik, izchil taraqqiyot va xavfsizlik masalalarining uzviy bog‘liqligi ta’kidlandi. Shu jihatdan Markaziy Osiyoda tinchlik, hamkorlik va farovonlik hududini yaratish maqsadida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda afg‘on muammosini hal qilishning siyosiy-diplomatik vositalaridan yanada samarali foydalanish orqali Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash muhim ekani qayd etildi.