Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi 6-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi 6 fevralga o‘tar kechasi jonsiz holda topildi, deya xabar qilindi Maktabgacha ta’lim vazirligidan «Gazeta.uz"ga.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 5 fevral kuni 16:00 da bolalar bog‘chasi hamshirasi M. Qodirova o‘zining ikki farzandi bilan birgalikda 5 yoshli Kibriyoxonni ham olib ketadi. Qizchaning ota-onasi Turkiyada ishlaydi, u esa II guruh nogironi hisoblangan buvi va buvasi qaramog‘ida bo‘lgan.

Hamshira uch bolani uydan 50 metr uzoqlikda qoldirib, o‘z ishlari bilan ketadi, bundan oldin esa Kibriyoxonning buvisiga qo‘ng‘iroq qilib, uni o‘zi bilan olib ketganini aytadi.

Bu vaqtda 30−35 yoshlardagi erkak velosipedda kelib, bolalarga shirinlik olib berishni taklif qiladi va ulardan ikkisini velosipedining orqa, bir bolani esa old o‘rindiqqa o‘tirg‘izadi. Ko‘cha boshiga borganidan so‘ng erkak ikki bolani qoldirib, qizchani o‘zi bilan olib ketadi, deya ma’lum qildi MTV hamshiraning farzandlari so‘zlariga tayangan holda.

Taxminan 17:00 larda buvisi hamshiraga qo‘ng‘iroq qilib, bolalar kelmaganini aytadi. Kibriyoxonning yo‘qolgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng oila a’zolari mustaqil ravishda uni qidirib, bir soatdan so‘ng huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat etishadi.

Qidiruv ishlari natijasida 6 fevral kuni 00:20 lar atrofida Oqbo‘yra qishlog‘ida tanasida jarohat izlari bo‘lgan Kibriyoxon jonsiz holda topiladi. Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.