Tez orada Toshkent metropolitenida fotosurat va videolavhaga olish mumkin bo‘ladi, deya xabar qildi 7 fevral kuni Xalqaro press-klub doirasida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

Ayni paytda foto va video tasvirga olish metropolitendan foydalanish qoidalarida belgilangan bo‘lib, yer osti transportida xizmat o‘tayotgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari metroda tasvirga olishga bo‘lgan barcha urinishlarning oldini oladi.

Seshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Unda turistlarga jamoat joylari, bino va inshootlarni hech qanday taqiqlarsiz suratga olishga ruxsat berilgan. Hozirda hukumatda tasvirga olish taqiqlangan ob’ektlar ro‘yxatini tasdiqlovchi hujjat loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

“Metroda ham tasvirga olish mumkin. Hech qanday muammo yo‘q. Bizda dunyodagi eng chiroyli metro bor, biz uni reklama qilishimiz kerak. Hozirgacha mumkin emas edi, biroq Prezident bularning barchasini tasvirga olish mumkinligini aytdi”, — dedi Davlat turizm qo‘mitasi rahbari.

Qo‘mita rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri yaqin orada majlis o‘tkazib, xodimlarga mamlakatda avvalgidek tasvirga olish qat’iy taqiqlanmasligini ma’lum qiladi.

“Marhamat, ko‘chalardagi go‘zal ma’muriy binolarimiz, maydonlar, yodgorliklarimizni suratga oling”, — deya barchaga murojaat qildi Aziz Abduhakimov.

Nima uchun ruxsat faqat turistlarga taalluqli, degan savolga u barchaga — ham turistlar, ham o‘zbekistonliklarga tegishli, deya javob berdi. “Albatta o‘zimiznikilarga ham mumkin. Biznikilarga barchasi mumkin. Bizda tasvirga olishga taqiq yo‘q”, — dedi Turizm qo‘mitasi raisi.