«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi xalqaro qatnovlarga chiptalarni tannarxidan arzonroqqa sotish huquqiga ega bo‘ldi. Bunday chora qatnovlar raqobatbardoshligini ta’minlash uchun qabul qilindi, deyiladi O‘zbekiston Prezidentining «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida.

Hujjatga muvofiq, «O‘zbekiston havo yo‘llari"ning soliq solinadigan bazasini arzonlashtirilgan narxlar bo‘yicha sotilgan aviachiptalar summasiga kamaytirish mexanizmi joriy etiladi.

Qarorda Milliy aviakompaniyaga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini tasdiqlash hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatidan turistlar oqimini ko‘paytirganlik uchun o‘z mablag‘lari hisobidan mukofotlash, yuklangan vazifalarning bajarilishi ta’minlanmagan holatlarda esa, javobgarlik choralarini qo‘llash tizimini joriy etish tavsiya etildi.

Qo‘shimcha ravishda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada xalqaro aeroportlarni temir yo‘l vokzallari va avtovokzallar, shuningdek yirik mehmonxonalar bilan bog‘lovchi maxsus avtobuslar (shuttle-bus) qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan.