O‘zbekiston 1 maydan tranzit bo‘yicha harakatlanayotgan chet ellik yo‘lovchilarga 72 soatlik qisqa muddatli kirish vizalarini berishni joriy etadi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda tasdiqlangan turizm dasturlari bo‘yicha tanishuv turlari uchun turistlarning aeroport chegara hududidan tashqariga qisqa muddatli (8:00 dan 21:00 gacha) nazorat qilinadigan (kuzatib boriluvchi) chiqishi tartibi nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu bandni amalga oshirish bo‘yicha, shu jumladan, fuqarolari kelishlari bilan qisqa muddatli kirish vizalari beriladigan mamlakatlar ro‘yxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilish topshirildi.

Bu kabi yo‘lovchilardan uchinchi mamlakatga aviachipta va viza (zarurat bo‘lganda) mavjud bo‘lishi hamda konsullik yig‘imlarini to‘lash talab qilinadi.