O‘zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rinbosarlari hamda tegishli sohaga mas’ul boshqarmalar rahbarlariga byudjet tashkilotlari xodimlari oylik ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilishni topshirdi. B haqda Moliya vazirligining navbatdan tashqari majlisida so‘z bordi, deya xabar qildi mahkama matbuot xizmati.

Yanvarda byudjet tashkilotlari xodimlari oyliklarini o‘z vaqtida to‘lash uchun Moliya vazirligi 588 mlrd so‘m ajratdi. Shunga qaramasdan O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida 2017 yil dekabrning ikkinchi yarmi uchun ish haqi muddatlari kechiktirilgan.

Yanvarda respublikaning bir qancha viloyatlaridan oyliklar o‘z vaqtida to‘lanmagani to‘g‘risidagi shikoyatlar kelib tushgan. Jumladan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi bolalar bog‘chasi xodimi O‘zbekiston Prezidenti Virtual qabulxonasiga murojaat qilganidan so‘ng dekabrning ikkinchi yarmi uchun ish haqini Moliya vazirligi mas’ul xodimlari aralashuvi bilan 20 yanvarda to‘lab berilgan.

Vazir o‘rinbosarlariga byudjet tashkilotlari xodimlarining oyning ikkinchi yarmi uchun kelgusi oyning birinchi besh ish kuni, oyning birinchi yarmi uchun avans to‘lovlarini esa joriy oyning 20-sanasidan kechiktirmagan holda to‘lanishi ustidan shaxsiy nazorat o‘rnatish vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi byudjet tashkilotlarida oyliklarning o‘z vaqtidan to‘lanmasligi masalalari bo‘yicha (+99871) 200−50−50 ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinishini so‘raydi.