O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi huzurida maxsus ekspert kengashi tashkil etilishi rejalashtirilgan, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Mazkur kengash eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, logistika tizimini rivojlantirish va tashqi savdo hajmini oshirish dasturlarini ishlab chiqish, mazkur dadturlarning samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Kengash mutaxassislar jamoasidan, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlik xodimlari va xususiy sektor vakillaridan tuziladi. Kengash qoshida alohida yo‘nalishlarga qaratilgan ishchi guruhlar tuzilishi rejalashtirilmoqda:

  • eksport va importni amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonlar ketma-ketligini kompleks, ob’ektiv va tanqidiy tahlilini amalga oshirish;
  • xalqaro savdoga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash;
  • hozirgi vaziyatni tahlil qilish;
  • transport va logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • xususiy sektor, ekspertlar jamoasi va O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi o‘rtasida fikrlar va takliflar almashinishiga yordam beruvchi tadbirlarni tashkil etish.

Mutaxassislarning normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va o‘zgartirishlar kiritish jarayonlarida ishtirok etishining ahamiyati alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ekspert kengashining tarkibi tanlov shartlari asosida, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi ishlarni kompleks baholash va tegishli sohalarda professional tajribaga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan tanlab olish orqali aniqlanadi.

Ekspert kengashida a’zo bo‘lishga da’vogarlar rezyume va tegishli ma’lumotlarni mf25@mft.uz elektron pochtasiga yuborishlari mumkin.