Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida ovqatdan ommaviy zaharlanish holati qayd etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, 5 fevral kuni 6:00 dan 12:00 gacha 36 kishi Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasining infeksion kasalliklar bo‘limiga ovqatdan zaharlanish alomatlari (ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlik) bilan murojaat qildi.

Jabrlanganlar o‘tkir gastroenterit va ovqatdan zaharlanishda gumon qilinib shifoxona yotqizildi. Ayni paytda bemorlarning ahvoli qoniqarli, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Barcha bemorlar o‘zini yomon his qilishlarini 4 fevral kuni 12:00—13:00 atrofida markaziy dehqon bozorida noma’lum sotuvchidan xarid qilingan kalla-pocha va xasip go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilgani bilan bog‘lagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyat ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olgan. Kosonsoy tibbiyot birlashmasi kerakli miqdordagi dori vositalari, infuzion eritmalar, bir martalik shpritslar va sistemalar bilan ta’minlangan.

Kosonsoy tumanidagi epidemik holatni o‘rganish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlari, jumladan Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori A. Abdushukurov, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori U. Ismoilov va Andijon tibbiyot institutining yetakchi mutaxassislari yuborildi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati, ichki ishlar organlari va soliq organlari xodimlari dehqon bozorida zarur tadbirlarni amalga oshirmoqda.