O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Qamchiq» Maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi Rossiyaning «TREKOL» vezdexod-amfibiyasi bilan ta’minlandi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.

«TREKOL» suvda, botqoqlikda va murakkab tog‘ yo‘llarida harakatlanib, yetish eng qiyin bo‘lgan joylargacha eltishga qodir. Vezdexod Farg‘ona vodiysining Qamchiq dovoni yo‘llarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov yakunlari bo‘yicha ikkinchi shunday mashinani xarid qilish rejalashtirilgan.

«Qamchiq» MQQB parkida tog‘lar va qorli hududlarda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borishga imkon beruvchi 10 ga yaqin turli texnikalar mavjud.

«TREKOL» — bosimi tuproqning o‘ziga xosligiga qarab qo‘lda boshqariluvchi kamerasiz shinalar bilan jihozlangan to‘liq uzatmali mashina. Kuzovi yengil va issiqlik saqlovchi shishali plastik materialdan tayyorlangan.

Avtomobil qattiq tuproqli yo‘llarda 700 kg, yumshoq tuproqli yo‘llar va suvda 400 kg yuk ko‘tarishga qodir. eng yuqori tezligi soatiga 70 km ni tashkil etadi.

Odamlar va yuklarni tushirish uchun uchta eshik mavjud: ikkita old va orqa eshik. Mashina ichida haydovchi va yo‘lovchilar uchun ikki qator o‘rindiqlar qatori mavjud. Yuk bo‘limiga sakkiz nafargacha yo‘lovchini joylashtirish mumkin.