2018 yilning yanvar oyi davomida iste’mol bozorida tovar va xizmatlar o‘rtacha 2,7 foizga oshdi, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 3,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 2,3 foizga va xizmatlar 1,4 foizga qimmatlashgan. Bu haqda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi xabar qildi.

2018 yilning yanvar oyida asosiy inflyatsion omil sifatida oziq-ovqat tovarlari narxlarining ko‘tarilishi sabab bo‘ldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida o‘rtacha 3,5 foizga qimmatlashdi. Bu esa umumiy iste’mol narxlari indeksining (INI) umumiy o‘sishiga 1,6 foiz darajasida ta’sir ko‘rsatdi.

Oy davomida guruch 7,5 foiz, sut 5,4 foiz, tirik va muzlatilgan baliq 4,8 foiz, saryog‘ 4,4 foiz, tuxum 4,2 foiz, qaymoq 3,7 foiz, manniy yormasi 2,7 foiz, loviya 2,5 foiz, mol va qo‘y go‘shti 2,2 foiz, tvorog 2,1 foiz, qandolat mahsulotlari o‘rtacha 1,8 foiz, bug‘doy uni 1,4 foiz va o‘simlik yog‘i narxlari 1 foizga oshgan.

Meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi asosan odatiy hisoblangan mavsumiy omillar natijasida ro‘y berdi: olma va noklar 12,8 foiz, pomidor 10,4 foiz, piyoz 8,7 foiz, oshqovoq 8,6 foiz, bodring 6,2 foiz, kartoshka 4,5 foiz, yong‘oq 3,3 foiz, lavlagi narxlari 1,4 foizga qimmatlashdi. Asosiy turdagi meva va sabzavotlar narxining oshishi barobarida sabzi 4 foizga va karam mahsuloti narxlari 0,2 foizga arzonlashgan.

Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari orasida birmuncha barqaror holat kuzatilgan bo‘lib, bular orasida shakar va parranda go‘shti mahsulotlari narxlari pasayganligi ham qayd etilgan (1,0 foiz hamda 0,8 foizga).

Spirtli ichimliklar narxlarining oshishi 2018 yil 1 yanvardan e’tiboran mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga nisbatan yangi aksiz soliqlarining joriy etilishi hamda Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining minimal ulgurji va chakana sotish narxlarining qayta belgilanishi bilan bog‘liqdir.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 2,3 foizga ko‘tarilib, umumiy INIning o‘sishiga 0,8 foiz darajasida o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Joriy yilning yanvar oyidan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi propan hamda metan gazlarining sotish narxlari 10,2 foiz va 11,2 foizga qimmatlashib, umumiy INI o‘sishiga 0,1 foiz darajasida ta’sir ko‘rsatdi.

Poligrafiya mahsulotlarining o‘rtacha 13,9 foizga ko‘tarilishi respublikada chop etilayotgan bosma nashrlar narxlarining qimmatlashishi bilan o‘zaro bog‘liqdir (ro‘znoma, jurnal va kitoblar).

Respublikada ishlab chiqarilayotgan tamaki mahsulotlariga bo‘lgan aksiz soliqlarining ko‘tarilishi iste’mol bozoridagi sigaret va tamaki mahsulotlarining 8,8 foizga qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.

Yuqorida nomi qayd etilgan mahsulotlarning narxlari ko‘tarilmaganida, umumiy inflyatsiya darajasi 0,2 foiz darajada pastroq ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lar edi, deyiladi xabarda.

Aholi uchun xizmatlar oy davomida o‘rtacha 1,4 foizga ko‘tarildi. Bu esa INI umumiy o‘sishiga 0,3 foiz darajasida ta’sir etdi.

Mamlakatning ayrim hududlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalari xizmatlari uchun yangi to‘lovlarining joriy etilishi umumiy o‘sish sur’atiga 0,1 foiz darajasida ta’sir ko‘rsatdi (Buxoro, Navoiy va Farg‘ona viloyatlaridagi narxlarning pasayganligini hisobga olgan holda, respublika bo‘yicha o‘sish sur’ati o‘rtacha 11,9 foizni tashkil etdi).