4-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasining to‘rt nafar tibbiy xodimi mijozga qo‘pol muomala qilingani uchun sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning qarori bilan vazifasidan ozod qilindi.

Mahkama matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, 5 fevral kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 4-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasi travmotologiya bo‘limi bemorining murojaati ko‘rib chiqildi. Bemor va uning yaqinlari bilan suhbatda travmotologiya bo‘limi mudiri T. Tog‘ayev va hamshira M. Tolipova tibbiyot etika qoidalaridan chetga chiqqani aniqlandi.

Muassasada ma’naviy muhitni buzgani, odob-axloq qoidalari talablari, tibbiy xodimlar deontologiyasi masalalariga javob bermagani uchun shifoxona bosh shifokori S. Alimov, shifoxona bosh hamshirasi Sh. Alimova, travmatologiya bo‘limi mudiri T. Tog‘ayev va hamshira M. Tolipova egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Prezident Virtual qabulxonasiga yuborilgan sog‘liqni saqlash sohasiga taalluqli murojaatlarning 12 foizi bemorlar va ularning yaqinlariga qo‘pol muomalada bo‘lingani bilan bog‘liq.

«Har bir rahbar xalqning tashvishlari, hayotiy muammolari va talablarini yaxshi bilishi shart. Biz boshqa muassasalarda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun ushbu masalani kun tartibiga kiritdik. Barcha tegishli xulosasini chiqarish lozim», — deyiladi matbuot xizmati sog‘liqni saqlash vaziri so‘zlaridan keltirgan iqtibosda.