Toshkent metrosi 2017 yilda ilk bor 117 mln so‘mlik foyda bilan chiqdi, deya ma’lum qildi «Toshkent metropoliteni» bosh muhandisi va sobiq rahbari Baxtiyor Sodiqov «Gazeta.uz"ga.

Yil davomida jami bo‘lib 62 million yo‘lovchi tashildi. Bu avvalgi yilga nisbatan 0,2 foizga ko‘p demakdir. Baxtiyor Sodiqovning so‘zlariga ko‘ra, tashish hajmining oshishiga oz bo‘lsada 10:00 dan 16:00 gacha pensionerlarga metroda yurish bepul qilingani ham ta’sir qildi. Foyda esa reklamalar hajmi oshgani hisobiga ta’minlandi.

Toshkent metropoliteni boshlig‘i Oybek Xudoyqulov metro liniyalarini qurish va mavjudlarini davom ettirish, halqa metrosi loyihasi to‘g‘risida ma’lum qildi.

Qiymati 170,1 mln dollarni tashkil etuvchi 7,1 kilometrlik estakadali Sergeli tarmog‘i 2020 yilda foydalanishga topshirilishi lozim. Liniyada oltita stansiya faoliyat ko‘rsatadi.

124,8 mln dollarlik 2,93 km uzunlikdagi Yunusobod yo‘nalishining davomini 2019 yilga qadar qurib bitkazish rejalashtirilgan. Martdan Germaniyaning Herrenknecht texnika yordamida yopiq ishlar olib boriladi, ayni paytda esa 6 metr diametrli tunnel uchun jihozlarni o‘rnatish jarayoni amalga oshirilmoqda.

Loyihaga Italiya, Xitoy va Serbiya kompaniyalari ham jalb etilgan: yuk ko‘tarish imkoniyati 220 tonna bo‘lgan gusenitsali kran, 70 tonnagacha yuk ko‘taruvchi 3 ta teleskopik avtokran, soatiga 20 va 40 kub metr quvvatga ega mobil beton zavodlari, 14 ta metalloprokat stanok, 2 ta o‘ta og‘ir avtomobil (350 t), qoquvchi va burg‘ulovchi uskunalar ish olib boradi.

52,1 kilometrlik yer usti halqa metro yo‘nalishi qurilishi loyihasining birinchi bosqichida «Do‘stlik» (sobiq «Chkalov») stansiyasidan Qo‘yliq bozorigacha sakkizta stansiyadan iborat liniya bunyod etiladi. Kelgusida ushbu yo‘nalish «Olmazor», «Beruniy», «Bodomzor» va yangi «Tuzel» stansiyasi bilan bog‘lanib, halqa hosil qiladi. 35 ta stansiya va 2 ta vagon deposi qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha 2021 yilgacha amalga oshiriladi.