Toshkent viloyatining Tutzor qishlog‘idagi xususiy uylarning birida qafasda Afrika sheri noqonuniy ravishda saqlab kelinayotgani aniqlandi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspeksiyasi va ichki ishlar organlari xodimlari Gulnoza Abzalovaning qurilishi davom etayotgan xususiy uyida sakkiz oylik sher bolasini aniqladi.

«Tezkor xabarni qabul qilib olib, hodisa joyiga yetib keldik. Haqiqatdan ham mazkur yangi uchastka manzili aniqlandi, eshikni yollanib ishlayotgan ikki yigit ochdi. Uy egasi esa boshqa manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uy uning onasining nomiga rasmiylashtirilgan», — dedi Ekologiya qo‘mitasi hududiy inspeksiyasi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yirtqich — oriq, och, tumshuqlari tirnalgan, u nomunosib sharoitlarda saqlangan. Yarim metrli qafasda harakatlanish uchun ham joy yetmaydi.

Aniq bo‘lishicha, jonivor xususiy korxona pitomnigiga tegishli bo‘lgan, biroq u yerda yirtqichni saqlashga yoki unga bo‘lgan mulk huquqini asoslovchi biror-bir hujjat taqdim etilmagan.

Amaldagi qonunga muvofiq, mamlakatga olib kirilayotgan barcha jonivorlar va o‘simliklar bojxona tekshiruvidan o‘tkazilishi zarur. Jonivorlar hayvonot bog‘larida alohida ro‘yxatga olinib, ularni xususiy sharoitlarda saqlash taqiqlanadi.

Video

Afrika sheri kuchini tiklashi uchun poytaxtdagi hayvonot bog‘iga yuborildi. Tergov ishlari boshlandi.