1 fevraldan O‘zbekiston Prezidentining Virtual qabulxonasining yangilangan talqini ishga tushdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi. Virtual qabulxona ishga tushgan 2016 yilning sentyabridan bugungi kunga qadar 1,6 milliondan ziyod murojaat kelib tushdi.

Endilikda fuqarolar Virtual qabulxonada o‘z shaxsiy kabinetini ochishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish uchun pasportda ko‘rsatilgan shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritish lozim.

Yangi identifikatsiya tizimi sharofati bilan har bir murojaatda shaxsiy ma’lumotlarni qaytadan kiritishga hojat qolmaydi va bir shaxs tomonidan yuborilgan murojaatlar tarixini kompleks o‘rganish imkoniyati paydo bo‘ldi.

15 fevraldan boshlab test rejimida ishga tushuvchi «Onlayn maslahatchi» moduli turli muammo va masalalar bo‘yicha tezkor yuridik yordam olish imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda, endilikda u yoki bu huquqiy axborot bo‘lgan javob xatini kutishga hojat qolmaydi. Boshqa tomondan faqatgina huquqiy axborot olish to‘g‘risidagi iltimosdan iborat murojaatlar sonining qisqarishi kutilmoqda.

«Onlayn maslahatchi» moduli orqali eng ko‘p beriluvchi savollar doimiy ravishda tahlil qilinib, «Ko‘p beriladigan savollar» bo‘limiga qo‘shib boriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad murojaatchiga o‘zini qiziqtirgan savolga rasmiy murojaat qilmasdan ham javob olish imkoniyatini yaratishdan iborat.

Shu munosabat bilan fuqarolar murojaatlarini tahlil qilish natijasida ko‘p berilgan savollar aniqlab olinib, ularning javoblari oddiy va tushunarli tilda ifodalanib, maxsus bo‘limda jamlandi. Bunda uy-joy, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik va bank faoliyati, ishlab chiqarish, sertifikatlash va litsenziyalash, veterinariya xizmatlari, soliqlar va jarimalar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, transportga oid va huquqiy masalalar, ta’lim, fan va madaniyat, mehnat va aholi bandligi, shuningdek, jamiyat hayotining boshqa turli masalalariga oid savollarga javoblar mavjud. Kerakli savolga javobni kalit so‘zlar yordamida izlab topish imkoniyati ham yaratilgan.

Endilikda Prezident virtual qabulxonasi orqali davlat organlari rahbarlariga ham murojaat yo‘llash mumkin. «Vazirlik va idoralar rahbarlarining fuqarolarni qabul qilish jadvallari va ularga murojaat yuborish» moduli joriy qilindi. Bu bilan pm.gov.uz manzilida barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar rahbarlarining fuqarolarni qabul qilish jadvallari yagona bazada joylashtirildi. Ya’ni, davlat organlari rahbarlarining fuqarolar qabuliga doir ma’lumotlar — qabul kunlari, vaqti, tegishli telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, davlat organining manzili haqidagi ma’lumot bir joyda jamlandi.

Ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlarini qiziqtirgan masala uchun qaysi davlat organi mas’ul ekani borasida yetarli bilimga ega bo‘lmaydi. Shu bois mazkur modulda alohida «Funksiya va vazifalar» bo‘limi tashkil etilib, davlat organlarining qonun hujjatlariga muvofiq funksiya va vazifalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Xalq qabulxonalari haqidagi barcha ma’lumot bilan portal orqali ham tanishish mumkin. «Xalq qabulxonalari manzillari» bo‘limida O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Barcha Xalq qabulxonalarining manzili, telefon raqamlari, elektron pochtasi, geolokatsiya ma’lumotlari va boshqa foydali materiallar qulay tartibda taqdim etilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlar kerakli Xalq qabulxonasi to‘g‘risidagi ma’lumotni O‘zbekiston interaktiv xaritasi orqali topishi mumkin. Alohida olingan Xalq qabulxonasining joylashgan manzili onlayn xaritada yoki sun’iy yo‘ldoshdan suratga olingan xarita rejimida ko‘rsatilgan.

Virtual qabulxonaning yangi talqinida fuqaro murojaat yuborish jarayonida o‘zi istiqomat qilayotgan mahallani ham ko‘rsatib o‘tishi uchun imkoniyat yaratildi. Bu muammoga yechim topish darajasini yanada oshiradi. Shu yo‘l bilan murojaatda ko‘tarilgan muammo muayyan hududdagi qaysi sektorga taalluqli ekani aniqlanadi. Ayni paytda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hududida qanday muammolar mavjud ekanini onlayn tahlil qilish, ularni kompleks hal etish uchun yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar, «yo‘l xarita"lari ishlab chiqish imkoniyatlari kengayadi.

Virtual qabulxonadagi yana bir yangilik — murojaatchilarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida «Ta’qib haqida xabar» moduli joriy qilingani bo‘ldi. Agar kimda-kim ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilgani tufayli ta’qibga uchraydigan bo‘lsa, bu haqda maxsus tugma orqali tezkor xabar berishi mumkin. Bunday xabarlar huquqni muhofaza qilish organlarini jalb etgan holda ustuvor va tezkor ravishda ko‘rib chiqiladi.

Endi portalda fuqarolar o‘z murojaatini yuborishdan avval murojaat yuborish qoidalari bilan tanishgani va bu borada qonunda belgilangan mas’uliyati to‘g‘risida xabardor ekanini tasdiqlovchi belgi qo‘yadi. Bu murojaatchilarning ham mas’uliyatini oshirishga, murojaat madaniyatini yuksaltirishga turtki beradi.

Shu paytga qadar ayrim murojaatchilar tomonidan murojaat yuborish jarayonida boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki umuman mavjud bo‘lmagan telefon raqamini ko‘rsatish, boshqa fuqarolar nomidan murojaat yuborish holatlari uchrab turardi. Har bir murojaatni ko‘rib chiqish muayyan vaqt va resurslarni talab qilishini, aniq maqsadsiz murojaat uchun sarflangan vaqtni boshqa asosli ariza yoki shikoyat ustida ishlashga yo‘naltirgan holda muammoni hal qilish fuqarolar uchun ham, jamiyatimiz uchun ham har tomonlama foydali ekanidan kelib chiqib, yangi tizimda mobil telefon raqamini tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.

Bunda murojaatchi maxsus murojaat shakliga o‘z mobil telefon raqamini kiritadi. Shundan keyin murojaatchining mobil telefoniga bir martalik parol SMS-xabar shaklida yuboriladi. Natijada ham murojaat aniqligi va ishonchliligi ortadi, ham mobil telefon raqami tasdiqlanadi. Bu barcha davlat organlarining virtual qabulxonalari faoliyatiga ham tatbiq etiladi.

Virtual qabulxonaning yangi talqinida davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyati, ijobiy hal etilgan masalalar, virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi yangiliklar bilan yanada kengroq tanishish imkoniyati yaratildi. Portalga kelib tushgan va ko‘rib chiqilgan murojaatlarning umumiy sonini, statistik ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati mavjud.