O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni Qashqadaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda tumanlar aholisi muammolarini tingladi. Videokonferensiya rejimida o‘tgan yig‘ilish tafsilotlari «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida namoyish qilindi.

«Qashqadaryoni sizdan boshqa hech kim o‘zgartirmaydi… Agarda uchrashuv yakunlari bo‘yicha bir qancha muammolar hal etilsa, u behuda o‘tmagan bo‘ladi», — deya davlat rahbari faollarga yuzlandi.

Dehqonobod tumani

Dehqonobod tumani vakilasi ichimlik suvi yetishmovchiligi, shuningdek sirtqi ta’lim olish va bolalar bog‘chasi qurish uchun imtiyozli kredit olish masalalari to‘g‘risida so‘zladi.

«O‘z nutqingizda ichimlik suvi muammosi to‘g‘risida gapirdingiz. Biz, Dehqonobod tumani aholisi bundan juda xursand bo‘ldik. Dehqonobodliklarning asrlik orzusini bitta qaroringiz bilan ushaltirdingiz. Men 11 yildan beri maktabda ingliz tili to‘garagini yuritaman. Agarda menga sirtqi ta’lim va imtiyozli kredit olishga yordam berilsa, ingliz va rus tillariga ixtisoslashgan bolalar bog‘chasini ochar edim», — dedi u.

Prezident oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov u bilan uchrashib, sirtqi ta’lim masalasini hal etishini ma’lum qildi. «Siz kabi sadoqatli insonlar bizga kerak. Bu haftada viloyat hokimi oldingizga borib maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishida sizga yordam beradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mirishkor tumani

Mirishkor tumani aholisini ham ichimlik suvi masalasi qiynab kelmoqda. «Tumanimizda 35 ta qishloq bo‘lib, ularda 113 ming kishi yashaydi. Ularning ko‘pchiligiga ichimlik suvi tashib keltiriladi. Bundan tashqari, suv quvurlari eskirgani sababli yaroqsiz holatga kelib qolgan va suv uzilishlari bo‘lib turadi. Va aholi texnik suvni ichishga majbur bo‘layapti», — dedi tuman vakili.

Muammo bayonnomaga kiritildi, O‘zbekiston turar joy-kommunal xizmat vaziri Muzaffar Soliyevga Mirishkor tumani faollari bilan uchrashish topshirildi.

Chiroqchi tumani

Ushbu tumanda aholi temir yo‘l va suv ombori qurilishini so‘radi. «Bizga temir yo‘l kerak, bizda u yo‘q. Yana bir masala: qishloq xo‘jaligi suv ta’minotida ichki kanallar eskirgan. 35−40 yildan beri ular joriy va kapital ta’mirdan chiqarilmagan. Qumdaryo daryosi bor bizda. Bahorda yog‘ingarchiliklar yaxshi bo‘lsa, 80−100 million kub metr suv qumga singib ketadi. Qumdaryoda suv omborini qurishning iloji bormi? Shunda hosildorlik osharmidi», — dedi Chiroqchi tumani vakili.

Shavkat Mirziyoyev unga birinchi navbatdagi muammoni tanlashni so‘rab, «kelishish"ni taklif qildi. Bu gaplarni yig‘ilishdagilar kulgu bilan qarshi oldi. «Iloji bo‘lsa har ikki masalani yeching», — dedi fuqaro. «Mana bu qashqadaryochasiga bo‘lardi», — deya hazil qildi Prezident.

Davlat rahbari temir yo‘l loyihasi bilan tanishganini va u bilan birinchi navbatda shug‘ullanish lozim deb hisoblashini ma’lum qildi. «Kollektorlar masalasiga kelsak, men topshiriq beraman. Moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib su omborini rejaga kiritamiz. Bunday inshootni qurish — juda qiyin jarayon… Shoshmaslik kerak», — dedi Prezident.

Muborak tumani

Muborak tumani aholisi suv muammosi hal etilsa, mevali va manzarali daraxtlarni o‘tqazishni rejalashtirmoqda. Prezident UJKX vaziriga ushbu masalani imkon qadar tezroq hal etishni topshirdi.

Turar joy-kommunal xizmat vaziri Muzaffar Soliyev.

Qamashi tumani

Qamashi tumanida yashovchi fuqaro 10 yil avval boshlangan tug‘ruqxona majmuasi qurilishi yakuniga yetmayotganini ma’lum qildi. «10 yil ichida majmuada faqatgina birinchi qavat qurildi. Juda ko‘p mablag‘ talab qilinmoqda, bunga tumanning kuchi yetmayapti», — dedi jamoatchilik vakili.

Viloyatni rivojlantirish istiqbollari bilan bog‘liq va faollar bilan uchrashuvda ko‘tarilgan barcha masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev bunday uchrashuvlar natija berishi lozimligini ta’kidladi. «Har kuni dunyodagi vaziyat, rejalar o‘zgarmoqlar, ular bilan birga odamlarning talablari ham o‘zgaradi. Ochiq savol qolmoqda: biz rahbarlar ushbu talablarga javob bera olamizmi, xalqqa yelka tutib, qo‘llab-quvvatlay olamizmi? Asosiy tamoyil — xalqqa sodiq xizmat qilish», — dedi Prezident.