Fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarning o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan muntazam ravishda «sirli mijoz» tadbirini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zAning Adliya vazirligi kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi natijalari bo‘icha xabar qilishicha, ana shunday «Sirli mijoz"lardan biri Yangiyo‘l tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga yangi korxona tashkil etish istagida borgan. Mas’ul xodim esa mijozga 400 ming so‘m olib kelsangiz, ishingiz bitadi, deb aytgan va uning qo‘liga tashrif qog‘ozini tutqazgan.

Urganch tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga xorijiy korxona ochish istagida borgan «sirli mijoz» qo‘liga o‘z kuchini yo‘qotgan hukumat qarori tutqazilgan.

Ana shunday xufyona o‘rganish natijasida qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan 17 xodim ishdan bo‘shatilgan.

Majlisda bunday holatlarga aslo toqat qilib bo‘lmasligi, ularga barham berish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinishi qayd etildi.

Hay’at yig‘ilishida FHDYO organlari tomonidan olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berildi. Bu borada 232 organ aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. «Lekin ular oldiga qo‘yilayotgan eng dolzarb vazifalarga sovuqqonlik bilan qarayotir», — deb yozadi O‘zA.

Majlisda notariat aholidan eng ko‘p e’tiroz tushayotgan soha ekani ta’kidlandi. Fuqarolar bilan ishlashda hanuzgacha qo‘pol muomalada bo‘lish, ularni sarson qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha pul mablag‘larining undirilishi holatlari murosa qilib bo‘lmaydigan holat. Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun 229 nafar notariat xodimiga nisbatan keskin choralar ko‘rilgan. Ayrimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Notarial idoralarda o‘tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma’lum bo‘lmoqda. Bu fuqarolarning uzoq kutib qolishi, ishi vaqtida bitmasligiga va tabiiyki, noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ayrim adliya organlarida notarus axborot tizimlari talab darajasida yuritilmagan. Taqiq olib tashlangan holatlar tizimga vaqtida kiritilmagan. Bu fuqarolarning mulkini erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiladi.

«Mamlakatda bugungi kunda 704 notarius faoliyat yuritmoqda. Ularning hammasi ham o‘zi ishini o‘z vaqtida vijdonan ado etyaptimi? To‘g‘ri, o‘z ishini puxta biladigan, vazifasiga vijdonan yondoshib, fidokorona xizmat qiladigan noturiuslar ko‘pchilikni tashkil etadi. Notariuslarning mahallalarda fuqarolarni qabul qilishi va notarial harakatlarni o‘sha joyning o‘zida bajarish tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida 5 mingdan ortiq notarial harakatlar amalga oshirildi», — deyiladi xabarda.

Biroq ularning ayrimlari o‘zlari uchun qoidalar yaratib, ixtisoslashib olgan. Biri faqat meros, yana biri faqat garov bilan bog‘liq harakatlarni rasmiylashtirgan. Ko‘pchiligi ipoteka kreditiga oid shartnomani tasdiqlashni asossiz ravishda rad etmoqda. Ammo bunga ularning mutlaqo haqqi yo‘q. Notarius davlat notarial idorasiga kelgan fuqaroga bir xil yondoshuv asosida bir xil xizmat ko‘rsatishi kerak.

Mana shunday qonunga zid harakatlari tufayli Toshkent shahrida keyingi 4 oyda 26 notarus intizomiy javobgarlikka tortilgan, 3 nafari ishdan bo‘shatilgan.