Sudlar va boshqa vakolatli organlari diplomatik vakolatxonalar bilan kelishmagan holda immunitetga ega shaxslarga nisbatan yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun ma’muriy chora qo‘llash huquqiga ega bo‘ldi, deya xabar qildi Norma.uz. Avvallari bunday ruxsat Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati orqali olinar edi.

Endilikda immunitetdan foydalanuvchi shaxs transport vositasi yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganda maqomidan qat’i nazar akkreditatsiya kartochkasi va transport vositasini boshqarish huquqini tasdiqlovchi haydovchilik guvohnomasini, shuningdek transport vositasining diplomatik vakolatxonaga tegishli ekanini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etishi shart.

Shu bilan bir qatorda, bunday transport vositalari sodir etgan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi kameralar tomonidan qayd etiladi. YHQ buzilishi holati aniqlangan taqdirda, diplomatik vakolatxona transport vositasidan foydalanishga javobgar shaxs yoki agarda u jismoniy shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, transport vositasi egasi ma’muriy javobgarlikka tortiladi.