Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketdi, deya xabar qildi O‘zA.

Prezident 2017 yil 24−25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. O‘tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni ko‘zda tutuvchi ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.

Viloyatda 2017 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 17 trillion 366 milliard so‘mni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida 70 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 2 ming 711 ta, jumladan, sanoatda 776 ta, xizmat ko‘rsatishda 1 ming 115 ta va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 820 ta loyiha amalga oshirildi.