52 o‘zbekistonlik o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus yong‘inida aloqadorlikda gumon qilinayotgan uch nafar haydovchi Aqto‘be IIBning vaqtinchalik saqlash izolyatoriga olib kelindi. Bu haqda Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Avtobus yong‘ini ishi bo‘yicha Qozog‘iston IIV Tergov departamentining hududlararo tezkor-surishtiruv guruhi jinoiy ish yuritmoqda.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra yong‘inga haydovchilar tomonidan avtotransport vositasidan foydalanish qoidalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi, ya’ni avtobus salonida cho‘g‘lama lampalardan foydalanilishi sabab bo‘lgani aniqlandi.

Yig‘ilgan dalillar jinoyatga avtobusning uch haydovchisi aloqador ekanini ko‘rsatdi. Ular 24 yanvar kuni kechqurun qo‘lga olindi.

Tergov Qozog‘iston Bosh prokuraturasi va IIV nazorati ostida olib borilmoqda.