O‘zbekiston terma jamoasi finalda Vetnam jamoasini ekstra taymlarda mag‘lubiyatga uchratgan holda 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempioniga aylandi. Xitoyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:1 hisobida yakunlandi.

Uchrashuvdan avval maydon qor bilan qoplangani oq liboslarda o‘ynagan O‘zbekiston futbolchilariga qiyinchilik tug‘dirdi. Shunga qaramasdan birinchi bo‘lib O‘zbekiston jamoasi hisobni ochdi. Himoyachi Rustam Ashurmatov burchak to‘pini boshi bilan darvozaga yo‘llab, «oq bo‘rilar"ni 8-daqiqadayoq oldinga olib chiqdi.

Birinchi taym yakunlanishiga oz qolganda raqiblar hisobni tenglashtirdi — Nguyen Kuang Xay Botirali Ergashev darvozasining uzoq burchagini aniq mo‘ljalga oldi.

Tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston ko‘k rangdagi libosda maydonga tushdi. O‘yinning ikkinchi yarmida o‘zbekistonliklar to‘pga ko‘proq egalik qilishdi (70 foiz) va qulay vaziyatlarni yuzaga keltirishi (16 ta zarba), biroq ikki taym yakunlari bo‘yicha hisob durang bo‘lib qoldi.

G‘olib o‘yining eng oxirida ma’lum bo‘ldi, 120-daqiqada Andrey Sidorov burchakdan yo‘llangan zarbani Vetnam darvozasiga aniq yo‘llashning uddasidan chiqdi. E’tiborlisi, gol muallifi o‘yinga uchrashuvning 118-daqiqasida tushdi.