24−25 yanvar kunlari Toshkent viloyatidagi «G‘isht ko‘prik», «Navoiy», «Najimov» va «Yallama» chegara-bojxona majmualarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tushuntirish ishlarini olib bordi.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, chegarani kesib o‘tayotgan fuqarolarga mahkamalar vakillari shaxsiy xavfsizlik choralari to‘g‘risida ma’lumot bermoqda. Bundan tashqari, ularga xorijda ham FVVning (+99871) 147−10−50 tezkor aloqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligi eslatib o‘tilmoqda.

Tadbirlar jarayonida 2600 dan ortiq FVV tashrif qog‘ozlari tarqatildi.

Bu kabi tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘istonning shimoliy, markaziy va sharqiy viloyatlarida kuchli sovuq kuzatilayotgani munosabati bilan ushbu hududlar orqali yo‘lovchi avtobuslari va shaxsiy avtomobillarda safarga chiqishni vaqtincha ortga surishni tavsiya qilgan edi. Kazgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, sovuq harorat 29 yanvarga borib pasayishi mumkin.