O‘zbekiston Prezidentining 25 yanvardagi qarori bilan 2018 yilda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi.

Hujjatga berilgan rasmiy sharhda qayd etilishicha, mamlakatda keyingi yillarda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorlashuvi va OIV infeksiyali shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordamning ta’minlanishiga qaramasdan OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha bir qator dolzarb masalalar o‘z yechimini kutmoqda.

Xususan, OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasi 2010 yilda yangilanganidan so‘ng ma’naviy va texnik eskirgan holatga kelgan.

OITSga qarshi kurash xizmati vaziyatni «real vaqt» rejimida tahlil qiladigan va o‘z vaqtida hamda samarali tadbirlarni belgilashga imkon beradigan yagona ma’lumotlar bazasiga ega emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bemorni virusga qarshi davolashni, kasallikning bosqichidan qat’iy nazar, kasallik aniqlangan kundan boshlash tavsiya etilganligiga qaramasdan hozirgi vaqtda faqat 47% OIV infeksiyali bemorlar kasallikning rivojlangan bosqichiga kelib davolanmoqda.

Antiretrovirus preparatlarini xarid etishga davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmaganligi sababli, davolash ishlarida uzilishlar bo‘lishi va OIVning antiretrovirus preparatlariga chidamli shtammlari paydo bo‘lish xavfi mavjud.

OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishi oldini olish uchun OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarni 6 oylik bo‘lgunga qadar sun’iy sut aralashmalari bilan ta’minlash masalasi hal etilmagan.

Xavfli guruhlar orasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar faqat donorlik mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Ko‘rsatilgan muammolar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017 yilning 18 oktyabrida o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning ahvoli va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisda muhokama etilib, OIV infeksiyasiga qarshi kurash sohasida keng qamrovdagi tadbirlarga qaratilgan Davlat dasturini ishlab chiqish topshirilgan.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarini zamonaviy va yangi sifat darajasiga olib chiqish maqsadida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori quyidagi yo‘nalishdagi majmuaviy chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutgan:

OIV infeksiyasining tarqalishi sabablari va sharoitlarini hududlar bo‘yicha muntazam tahlil etish, milliy an’ana va ma’naviy-axloqiy asoslarni inobatga olgan holda aholining keng qatlamlari orasida mazkur kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar ishlab chiqish;

hududlar xususiyatlaridan kelib chiqib, mahalliy moliyaviy, moddiy va kadrlar resurslari safarbar qilinishini ko‘zda tutuvchi OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy chora-tadbirlar rejalarini qabul qilish;

mamlakatda OIV infeksiyasi profilaktikasi, tashhis qo‘yish va uni davolash sohalarida mahalliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning natijalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etishni ta’minlash, shuningdek, soha bo‘yicha yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

OIV infeksiyasi va yondosh kasalliklarni aniqlash uchun zamonaviy diagnostikumlar va test-sistemalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, investitsiyalarni jalb etish va davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish;

kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda yetakchi xalqaro ta’lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikdagi ilmiy-amaliy tadbirlarni amalga oshirish;

yuqori sifatli retrovirusga qarshi dori vositalarini xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish;

OIVni yuqtirib olganlarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minlash tizimini yaratish;

OITSga qarshi kurash muassasalarining, shu jumladan, tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;

OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni tizimli tahlil etish va tadbirlarni rejalashtirish uchun tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish.

Ushbu qarorni qabul qilish va amalga oshirish orqali kutilayotgan natijalar:

aholini OIV infeksiyasiga va yondosh kasalliklarga tekshiruvlar bilan qamrab olishni amalga oshirish orqali mamlakatda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqarorlashuvini mustahkamlash;

OIV infeksiyasi diagnostikasi va davolash tadbirlari samaradorligini oshirish, OIV infeksiyali shaxslarda kasallik tashhisi tasdiqlanib, dispanser nazoratiga olingan vaqtdan boshlab maxsus davolash strategiyasini amalga oshirish maqsadida OIV infeksiyali shaxslarni retrovirusga qarshi terapiya bilan bosqichma-bosqich qamrab olishni davom ettirish;

OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bu boradagi sertifikatiga ega bo‘lish;

OIVga ixtiyoriy maslahat va tibbiy tekshiruvdan o‘tish qamrovini oshirish va kasallik oldini olishning yangi uslublarini tatbiq etish, shu jumladan, olis hududlar va aholi gavjum joylarda ko‘chma laboratoriyalardan foydalanish, OIV masalalari bo‘yicha individual va konfidensial maslahatlar berish uchun «ishonch telefonlari"ni tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida OIV infeksiyasi mavzusini yoritishning zamonaviy yondashuvlaridan foydalanish, umumta’lim maktablari, kollejlar va oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga OIV infeksiyasi masalalarini kiritish;

fuqarolik jamiyati tashkilotlari, din vakillari yetakchilarini OIV infeksiyasiga qarshi kurashish sohasidagi profilaktika tadbirlari, axloq-odob mezonlarini shakllantirish, xavfli xulq-atvor shakllanishining oldini olish, OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslarga nisbatan bag‘rikenglik munosabatida bo‘lish borasidagi axborot-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;

statistik ma’lumotlarning aniqligi va sifatli tayyorlanishi hamda tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun OITSga qarshi kurash xizmatida axborot almashinuvining tezligi va samaradorligini oshirish;

OIV infeksiyasi diagnostikasida va bemorlarni davolashda sifatli, arzon diagnostikumlar, test-sistemalar va reagentlar ta’minotining uzluksizligini ta’minlash;

davolanishga muhtoj OIV infeksiyali shaxslarni antiretrovirus terapiya bilan qamrab olish va ularning hayot sifatini yaxshilash;

davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarining OIV infeksiyasi masalalari bo‘yicha malakasini oshirish;

aholining OIV infeksiyasi masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish va ularda OIV infeksiyali shaxslarga nisbatan bag‘rikenglik munosabatini shakllantirish.