Toshkentdagi «O‘rikzor» bozorida tarkibida formaldegid moddasi belgilangan me’yoridan o‘n barobar ziyod bo‘lgan bolalar o‘yinchoqlari aniqlandi, deya xabar qildi «O‘zstandart» agentligi matbuot xizmati. Besh nomdagi o‘yinchoqlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi bilan xarid qilindi.

Belgilangan talablarga muvofiq, formaldegid miqdori 0,003 mg/m3 dan oshmasligi lozim, biroq laboratoriya tahlillari zaharli modda miqdori 10 barobardan ziyodroqqa oshib, 0,031 mg/m3 ekanini ko‘rsatdi.

Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi ma’lumotlaridan iqtibos keltirgan «O‘zstandart» formaldegid kanserogen modda bo‘lib, bolalar organizmi uchun juda katta xavf tug‘dirishi mumkinligini ma’lum qildi.

«O‘zstandart» ota-onalarga o‘yinchoqlar xarid qilishda foydalanish bo‘yicha qo‘llanma va ogohlantiruvchi belgilarga e’tiborli bo‘lishni tavsiya qildi. Jumladan qadoqlarning mavjudligi va butunligi, qadoqlarda davlat tilida o‘yinchoq qaysi yoshdagi bolalarga mo‘ljallangani to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlar bo‘lgan axborotlar borligiga ahamiyat qaratish lozim. Unda foydalanilgan materiallar, ishlab chiqaruvchi, muvofiqlik belgisi va o‘yinchoq tayyorlanishi bo‘yicha hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart.

O‘yinchoqlardan kuchli hidlar bo‘lmasligi, ota-onalar qo‘lga ushlaganida bo‘yoq izlari qolmasligi lozim.

Sifatsiz o‘yinchoqlar aniqlangan taqdirda iste’molchilar «O‘zstandart» (+99871−1502300) yoki Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga (1091) qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi.