20 yanvar kuni bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga amaliy tashrif bilan bordi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Prezident Muhammad Ashraf G‘ani, hukumat Ijroiya kengashi raisi Abdulla Abdulla, moliya vaziri Eklil Hakimiy va boshqa rasmiy shaxslar hamda hukumat a’zolari, shuningdek Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki rahbariyati vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Kobuldagi muzokaralarda dekabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilinib, «Mozori Sharif-Xirot» yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l liniyasi loyihasining moliya institutlari tomonidan tashqi moliyalashtiruv masalalari yuzasidan vazirliklararo maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston hukumatining Prezident G‘ani rahbarlik qilgan Iqtisodiy masalalar bo‘yicha kengaytirilgan kengashi ishida ham ishtirok etdi. Muhokamalar chog‘ida temir yo‘l loyihasining nafaqat O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish, balki butun mintaqa uchun muhim ekani ta’kidlandi.