23 yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatda bo‘lib turgan Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) Yevropa va Markaziy Osiyo masalalar bo‘yicha mintaqaviy katta maslahatchi Manfred Profazi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan XMT o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanish holati va istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston hozircha XMTga a’zo emas. Shunga qaramasdan tomonlar o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatilgani, O‘zbekiston ekspertlarining milliy manfaatlarimizga javob beruvchi tashkilot tadbirlarida faol ishtirok etayotganligi ta’kidlandi.

Tomonlar odam savdosiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikning samarali xususiyati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda barcha sohalarda, jumladan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekanliklari tasdiqlandi.