Yo‘lovchi avtotransportida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga doir shoshilinch chora-tadbirlarga doir Hukumat qarori imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram-kanalida xabar qilindi.

Qaror Qozog‘iston Respublikasi Aktyubinsk viloyatida sodir bo‘lgan fojiali voqealar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra chegaradosh davlatlar bilan xalqaro yo‘llarda muntazam avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

Chegaradosh davlatlarning tegishli vazirlik va idoralari bilan O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy tashish, ular ishtirokida baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida borgan mamlakatda avtotransport vositalarida xavfsizlik standartlari va talablarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik ta’minlanadi.

Borgan mamlakatidagi ro‘y bergan hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarga xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan shoshilinch yordam ko‘rsatish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Aviatsiya va temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni tashish uchun chiptalar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining buyurtmanomalari bo‘yicha imtiyozli tariflar bo‘yicha rasmiylashtirish nazarda tutilgan Idoralararo bitim tasdiqlanadi.

Bir oy muddatda charter qatnovlarni amalga oshirish, harakatdagi temir yo‘l tarkibi soni shu jumladan platskart vagonlar ulushini ko‘paytirish, byudjeti past bo‘lgan xorijiy avia va temir yo‘l kompaniyalari, shu jumladan «Rossiya temir yo‘llari» bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqiladi.

2018 yilning 1 fevralidan boshlab, yo‘lovchilar bilan Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan avtobuslar va mikroavtobuslar yo‘lga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.