Janubiy Koreyaning Pxyonchxandagi 23-qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston termasi ikki nafar sportchi bilan ishtirok etadi. 9−25 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda dunyoning 90 davlatidan 6.500 nafardan ortiq sportchi 15 ta qishki sport turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun raqobatlashadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, figurachi Misha Ge 16 fevral kuni Kyonpxo muz zalida qisqa dastur, 17 fevral kuni esa erkin dastur bo‘yicha ishtirok etadi.

Tog‘ chang‘isi sporti bo‘yicha O‘zbekiston termasi yetakchilaridan biri Komiljon To‘xtayev 18 fevral kuni gigant slalom, 22 fevralda esa slalom bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi.

2014 yiligi Sochida bo‘lib o‘tgan avvalgi qishki O‘yinlarda O‘zbekiston uch sportchi: figurali uchish bo‘yicha Misha Ge, tog‘ chang‘isi sporti bo‘yicha esa Kseniya Grigoreva va Artem Voronov bilan qatnashgan.