O‘zbekistonda ikki yil muddatga tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga moratoriy joriy etildi. Bunda jinoiy ish doirasidagi va yuridik shaxs faoliyati tugatilishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarga nisbatan moratoriy qo‘llanilmaydi. Prezidentning 22 yanvardagi «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi tasdiqlangan farmonda bu haqda so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 apreldan Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi davlat soliq xizmati organlarining bo‘shayotgan 228 ta shtat birliklarini prokuratura organlariga o‘tkazgan holda tugatiladi.

Xuddi shu sanadan adliya organlarining kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, chet el investorlari va chel el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi.

1 apreldan boshlab jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish) bir oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda tekshirish bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekiston Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar, o‘tkazilgan tekshirishlar va monitoring (asos, tekshirish yoki monitoring o‘tkazish vaqti, ularni o‘tkazgan xodimlar va boshqalar) va aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi axborotlar majburiy tartibda prokuratura organlarining maxsus elektron axborot tizimiga kiritiladi.

Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi.

Davlat soliq qo‘mitasi SSP va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonunchilik normalarini yetkazish va tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi.

Bosh prokuraturaga har bir huquqbuzarlik holati bo‘yicha aybdor shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipi so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlagan holda, tadbirkorlik faoliyati sohasida, eng avvalo, tadbirkorlik sub’ektlari, chet el investorlari va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.