Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Uni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim Afg‘oniston Prezidentining 2017 yil dekabrida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan edi.

Ta’lim markazining ilk talabalari o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga qabul qilindi. Ular ikki yil davomida soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. Kelgusida qurilish va temir yo‘llarni ekspluatatsiya qilish sohalarida ham mutaxassislar tayyorlanadi.

«Afg‘onistonda 7 millionga yaqin o‘zbek millatiga mansub aholi yashaydi, — dedi Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining MDH davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Shokir Korgar. — Termizda barpo etilgan ushbu ta’lim muassasasi maktab va bog‘chalarimizdagi o‘zbek tili mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlaydi».

Ta’lim markazi direktori vazifasini bajaruvchi Oybek Ro‘ziyevning ma’lum qilishicha, qo‘shni davlat yigit-qizlari bu yerda ikki, to‘rt va olti yillik sirtqi ta’lim shakllarida tahsil olishadi.

Yangi o‘quv markazida Afg‘oniston tomoni ehtiyojlaridan kelib chiqib, 17 oliy va 16 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilgan. Qo‘shni davlatning ilmga chanqoq yoshlariga o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rgatish uchun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalaridan malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari korporativ tarmog‘i orqali «Elektron ta’lim tarmog‘i"ga ulanib, O‘zbekistonning istalgan oliy ta’lim muassasasi yetuk olim va mutaxassislari tomonidan videokonferensiya orqali masofadan turib mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati mavjud.

Markazning ko‘p qavatli muhtasham o‘quv binosi, 110 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar yotoqxonasi, axborot-resurs markazi, sport zali va sport maydonchalari, oshxona afg‘onistonlik talabalar uchun xizmat qiladi. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o‘zlashtirish, temir yo‘l transporti tizimini puxta o‘rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan shoxobchalar mavjud.

Axborot-resurs markazi iqtisodiy-texnik va ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlardagi fanlar bo‘yicha yetarli o‘quv va yordamchi darsliklar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, O‘zbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, audioto‘plamlar disklari bilan to‘ldirilgan. Elektron kutubxona tizimiga lotin alifbosidagi 700 dan ziyod elektron adabiyot joylashtirilgan.

Kelgusida markazni yanada kengaytirish, yozgi oshxona va novvoyxona, hammom va kir yuvish binosini yangidan qurish rejalashtirilgan. 300 o‘rinli qo‘shimcha yotoqxona barpo etish mo‘ljallangan. O‘quv ishlab chiqarish ustaxonasi rekonstruksiya qilinib, yangi bino quriladi.