«O‘zbekkino» Milliy agentligi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga barcha kinoteatrlarni davlat-xususiy sektor hamkorligi tamoyillariga asoslangan umumrespublika kinoprokat tizimiga birlashtirishni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasini kiritdi.

Prokat tarmog‘ini yangi «Respublika kinoprokat markazi» DUK bazasida tashkil etish, unga «O‘zbekkino"ga qarashli barcha kinoteatrlarni majburiy, xususiy kinoteatrlarni esa ko‘ngilli asosda a’zo qilish rejalashtirilmoqda.

«Respublika kinoprokat markazi» respublika kinoteatrlari va kinozallarida yillik repertuar rejasidagi milliy va xorijiy kinofilmlar namoyishining optimal nisbatini belgilagan holda kinoprokat tarmog‘ining yagona repertuar siyosatini amalga oshiradi.

«Respublika kinoprokat markazi» O‘zbekiston hududida filmlar prokatini amalga oshirish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishga ekspert xulosasini taqdim etish bilan ham shug‘ullanadi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab kinoteatrlar va kinozallarda elektron kinochiptalarni sotish va ularning avtomatlashtirilgan hisobini yuritishni boshlash belgilangan. Bu huquq egalari va iste’molchilarning huquqlarini ta’minlashi, kinofilmlar prokati bozori holati haqidagi tezkor va ishonchli axborotlarni olish hamda daromadlarni yashirishga barham berishi lozim.