Qozog‘istondagi avtobus yong‘inining 52 nafar qurboni oilalariga moddiy yordam uchun e’lon qilingan xayriya aksiyasining birinchi kunida 60 mln so‘mdan ziyod mablag‘ yig‘ildi. Bu haqda aksiya tashkilotchilaridan biri Xushnudbek Xudayberdiyev o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Aksiya doirasida har bir jabrlangan oilaga 10 mln so‘mdan mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Yakshanba kuni tashkilotchilardan biri, mamlakatdagi taniqli bosh oshpaz va restorator Bahriddin Chustiy Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hokimiyati vakillari bilan bir qancha oilalarga tashrif buyurdi. ushbu tumanda 21 kishini yo‘qotgan 20 oila istiqomat qilib, ularning 10 tasi bitta mahalla «Katta qurama» fuqarolaridir.

«Bugun jami 12 mln 300 ming so‘m tarqatildi. Bunda: Rahmonov Omonullo xonadoniga 5 mln so‘m (sharoiti og‘irroq bo‘lgani uchun), Nishonov Otabek xonadoniga 2,5 mln so‘m, Hoshimboyev Nurmuhammad xonadoniga 2,5 mln so‘m, Umaraliyev Solijon xonadoniga 2,3 mln so‘m», — deya xabar qildi tashkilotchilar.

«Dastlabki taassurotlar shunaqaki, marhumlarning oilasidagi ahvol haqiqatdan yaxshi emas. Anchayin nochor turishar ekan», — deya tashkilotchilar rasmlarni ilova qilishdi.

Aksiya tashkilotchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning oilalariga bir martalik nafaqa ajratganini eslab o‘tdi. Qancha miqdorda nafaqat puli ajratilgani xabar qilingani yo‘q.

Bundan tashqari, mamlakat hukumati va Namangan viloyati tashabbusi bilan halok bo‘lganlarning oilalariga 5 mln so‘mdan, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimiyati tashabbusi bilan har bir jabrlangan oilaga bittadan qo‘y, Pop tuman tadbirkorlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va zarur vositalari ajratildi.

Halok bo‘lganlarning oilalariga yordam berishni xohlaganlar uchun ma’lumot

So‘mda pul o‘tkazish uchun karta raqamlari:

8600 3104 3723 2663.

Xorijiy valyutada pul o‘tkazish uchun karta raqamlari:

4847 9907 0722 6123.

Har ikki karta ham Bahriddin Najmiddinov nomida.

Xorijdagi vatandoshlari PayPal tizimi orqali pul o‘tkazishlari mumkin:

paypal.me/AbrorjonKodirov.

Savollar tug‘ilgan taqdirda +998946119998 (Xushnudbek) telefon raqami bilan Telegram yoki WhatsApp orqali murojaat qilish mumkin.