Toshkent IIBB xodimlari ichki ishlar organlari forma libosini kiyib, o‘zini yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi deb tanishtirgan erkakni qo‘lga oldi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

20 yanvar kuni taxminan 14:30 larda Sergeli tumanidagi «Sergeli» blokpostiga fuqarolardan biri murojaat qilib, avtomashinalar haydovchilari hujjatlarini tekshirayotgan shubhali YHXB xodimi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Mazkur xabar asosida IIBB xodimlari Binokor ko‘chasidagi fuqaro ma’lum qilgan joyga borganida haqiqatdan ham fuqaro Azizbek Ruzmatov ichki ishlar organi xodimlarining xizmat kiyimida go‘yoki YHXB xodimi sifatida avtoulovlarni to‘xtatish bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.

Azizbek Ruzmatov tekshirilgan vaqtda, u aslida YHXB xodimi emasligi ma’lum bo‘lgan va undan jezl, radioaloqa vositasi, xushtak, YHXB xodimining qalbaki ko‘krak nishoni va qalbaki ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomalari rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Ruzmatovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Ushbu shaxs harakatlaridan jabrlanganlardan 102 telefon raqami orqali yoki yaqin o‘rtadagi ichki ishlar bo‘limlariga murojaat qilish so‘ralmoqda.