O‘zbekistondagi barcha masjidlardagi juma namozlari 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida avtobus yonishida halok bo‘lgan vatandoshlar xotirasiga bag‘ishlandi, deya xabar qildi Musulmonlar idorasi matbuot xizmati.

Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Fojiada halok bo‘lgan haqqiga duolar qilindi.

Shuningdek, ulamolar va imom-domlalar tomonidan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirish, masjid-madrasalarda xatmi Qur’onlar o‘qib, ruhi poklariga baxshida qilish va yaqinlariga tasalli berish kabi savobli ishlar boshlandi.

Qozog‘iston Oliy muftiysi Serikbay Xaji Oraz Usmonxon Alimovga hamdardlik so‘zlari bitilgan telegramma jo‘natdi. Butun mamlakatdagi juma namozlari halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga bag‘ishlandi, deya xabar qildi Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi.