2018 yilda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik konsepsiyasining yangi tahriri tayyorlanadi, deya xabar qildi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Oliy Majlis Senatini raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konsepsiyada mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan tashqi va ichki tahdidlarga javob berish bo‘yicha yangicha yondashuvlar aks ettiriladi. Amaldagi «O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik konsepsiyasi to‘g‘risid""gi qonun 1997 yilda qabul qilingan. Qonunning yangi tahririni ishlab chiqish 2018 yilgi Davlat dasturi loyihasidan (PDF) o‘rin olgan.

Yangi tahriri yanvar avvalida qabul qilingan Mudofaa doktrinasi kabi Milliy xavfsizlik konsepsiyasi ham milliy xavfsizlikka tahdidlar va xalqaro vaziyatning o‘zgarishlariga adekvat javob qaytarishi lozim, dedi Sodiq Safoyev.

Ayni paytda xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashni an’anaviy shakllar bilan cheklab bo‘lmaydi, deb hisoblaydi senator. «2017 yilda tub ildizlari, manbalari bilan kurashish kerakligini tushunishda muayyan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Tahlillar O‘zbekistonda zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash sohasida ko‘plab kamchiliklar borligini ko‘rsatdi, dedi Sodiq Safoyev. Mazkur masalalarni yechish uchun mudofaa sanoati bo‘yicha Davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Xavfsizlikni ta’minlash va harbiy qurilishning boshqa yo‘nalishlari ham tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.