O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida 709 nafar chet ellik talaba tahsil olmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida (PDF) xabar qilindi. Ushbu talabalarning 98 nafari uzoq xorij davlatlari fuqarolaridir.

Joriy (2017/2018) o‘quv yilida boshqa davlatlardan 27 nafar yosh talabalikka qabul qilindi, bu bir yil avvalgiga qaraganda 126 nafar yoki 84 foizga ko‘p demakdir. Chet ellik talabalarning asosiy qismi — 236 nafari — MDH davlatlari fuqarolari, ularning aksariyati Turkmaniston (120), Rossiya Federatsiyasi (56), Qozog‘iston (42) va Qirg‘iziston (10) fuqarolaridir.

2017 yil 1 noyabri holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 72 ta OTM (oliy harbiy ta’lim muassasalari hisobga olinmaganda), jumladan 4 ta akademiya, 27 ta universitet va ular qoshidagi 19 ta filial, 7 ta xorijiy OTMlar filiali va 4 ta oliy diniy ta’lim muassasasi va ularning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘quv yili avvalida OTMlarda 297689 talaba o‘qishni boshlagan, ularning 119180 nafari — qizlardir. 27,1 foiz talaba davlat granti, 72,9 foizi esa to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi. Bakalavriatga 786121 ariza topshirilgan bo‘lsa, magistraturaga — 12754, ariza topshirganlarning 8555 nafari harbiy xizmatni tamomlagan.

Talabalikka jami 80822 kishi qabul qilingan bo‘lib, ularning 18439 nafari — davlat granti, 62383 nafari — to‘lov-shartnoma asosida. 71838 nafar talaba kunduzgi bo‘limlarda tahsil olayotgan bo‘lsa, 8984 nafari 20 ta OTM va 1 ta filialda ochilgan sirtqi bo‘limlarda o‘qimoqda (2016/2017 o‘quv yilida 110 talaba sirtqi bo‘limlarga qabul qilingan).

Ayni paytda bakalavriatda 288471 talaba tahsil olmoqda. Ularning 121446 nafari (42%) -gumanitar, 85539 nafari (30%) — ishlab chiqarish-texnik sohalarda, 27418 nafari (9%) — ijtimoiy sohalar, iqtisodiyot va huquq, 23479 nafari (8%) — qishloq va suv xo‘jaligi, 18879 nafari (7%) — sog‘liq saqlash va ijtimoiy ta’minot hamda 11710 kishi (4%) — xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha ta’lim olmoqda.

2017/2018 o‘quv yilida magistraturaga 4857 talaba qabul qilindi. Ularning 34,8 foizi yoki 1690 kishi davlat granti, 65,2 foizi yoki 3167 nafari to‘lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda. Magistraturada jami bo‘lib 9218 talaba tahsil olmoqda. Ularning 3089 nafari davlat granti, 6129 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qimoqda.

77,7 foiz talaba o‘zbek tilida, 14,9 foizi rus tilida, 4 foizi qoraqalpoq, 2,9 foizi ingliz, 0,2 foizi tojik, 0,3 foizi esa qozoq va boshqa tillarda ta’lim olmoqda.

O‘tgan yili OTMlarni jami 68494 kishi tamomladi (62,9 ming kishi bakalavr, 1168 kishi esa magistr darajasini oldi).

2016 yilning 1 noyabridan 2017 yil 1 noyabrigacha OTMlardan bakalavr bosqichida tahsil olayotgan 8582 talaba o‘qishdan chetlatildi. Ularning 2025 nafari o‘zlashtira olmagani, 410 nafari kasalligi sababli, 600 nafari shartnoma to‘lovini amalga oshira olmagani, 2980 nafari boshqa OTMlarga o‘tgani va 2567 nafari boshqa sabablar bilan chetlatilgan.

Oliy ta’lim muassasalarida 25107 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 1470 nafari fan doktori, 6011 nafari fan nomzodi bo‘lsa, 1078 nafari professor, 4091 nafari esa dotsent sifatida mehnat qilmoqda.