Toshkentda yangi ko‘p qavatli uylarning birinchi va ikkinchi qavatlari hamda yakka tartibdagi xonadonlarda xususiy bolalar bog‘chalari ochiladi. Poytaxt hokimining 16 yanvardagi qarori bilan 2018−2019 yillarga mo‘ljallangan bu boradagi reja tasdiqlandi.

Shahar ma’muriyati axborot xizmatining xabar qilishicha, joriy yilda 420 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 218 ta yangi ko‘p qavatli turar joylarning birinchi va ikkinchi qavatlarida 80 o‘ringa mo‘ljallangan kichik xususiy bolalar bog‘chalari tashkil etiladi. 202 ta yakka tartibdagi xonadonda esa 40−50 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar bog‘chalari ochiladi.

Tadbirkorlar bolalar bog‘chalarini qurish uchun yer maydonlari hamda bo‘sh yotgan inshootlarni bepul olish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi. Natijada yana 164 ta xususiy bog‘chaning ishga tushishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, keyingi ikki yil davomida qoniqarsiz holatdagi 61 ta davlat bog‘chasini kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda Toshkent shahrida jami 632 ta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning 447 tasi Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarma tasarrufida, 185 tasi xususiy faoliyat yuritayotgan bolalar bog‘chalari hisoblanadi. Ularda jami 122980 nafar bolalar tarbiyalanmoqda. Shundan, bosh boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan bolalar bog‘chalarida 114095 nafar, xususiy bolalar bog‘chalarida 8885 nafar bola qamrab olingan.

Hozirda poytaxtda 3 yoshdan 6 yoshgacha, ya’ni bog‘cha yoshidagi bolalar soni 190 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. 69 ming nafarga yaqin bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan.