Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan birgalikda Toshkentning Olmazor va Yunusobod tumanlarida istiqomat qilib, taxminlarga ko‘ra Suriyadagi «Tavhid val-Jihad» terroristik tashkilotiga borib qo‘shilishni rejalashtirayotgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Tergov jarayonida qo‘lga olinganlar Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali terroristik tashkilotlar bilan aloqa bog‘lab, respublika fuqarolarini «jihod"da ishtirok etishga taklif qilgan. Ularning o‘z xatti-harakatlari orqali moddiy ko‘mak olgani xabar qilindi.

Bundan tashqari, qo‘lga olingan gumondorlar O‘zbekiston konstitutsion tuzilishiga qarshi materiallar va buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatish uchun internetdan foydalangan.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 159-(O‘zbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish), 244−1-(Jamiyat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish qilish) va 244−2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Qo‘lga olinganlarning ta’siriga tushgan 23 nafar O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.