Poytaxt aeroporti xalqaro terminalidan yo‘lovchilarning chiqish vaqti to‘rt barobarga tezlashdi. Agarda avvallari poytaxt aeroportiga yetib kelgan reysdan havo bandargohini tark etguncha o‘rtacha 2 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, hozirda birinchi yo‘lovchi 21 daqiqada, so‘nggi yo‘lovchi esa 33 daqiqada aeroportdan chiqib ketmoqda.

Bu haqda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi saytida Seulning (Janubiy Koreya) «Inchxon» aeroporti konsultanti Park Chan-kyuga tayanib xabar qildi. Ushbu ma’lumotlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmalari samaradorligini oshirish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatishning birinchi bosqichi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda tilga olindi.

Park Chan-kyu 1 yanvardan «yashil» va «qizil» yo‘laklarning ochilishi yo‘lovchilarning barcha zarur tartib-taomillardan o‘tishlarini anchagina tezlashtirganini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti shavkat Mirziyoyevning noyabrda Koreya Respublikasiga uyushtirgan safarida «O‘zbekiston havo yo‘llari» va xalqaro «inchxon» aeroporti o‘rtasida o‘zaro anglashinuv to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.

Toshkent aeroporti faoliyati tahlilining birinchi bosqichida sakkiz nafar xorijlik mutaxassis ishtirok etib, terminal faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etib, havo bandargohi faoliyatiga baho berildi.

Koreyalik mutaxassislarning «Toshkent» aeroporti hududidan, shu jumladan aeroportning shahar tarafiga birikib ketgan hududidan foydalanish samaradorligini oshirish va optimallashtirish, kutib oluvchi va kuzatuvchilar uchun servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha takliflari ham muhokama qilindi.

Zarurat tug‘ilgan taqdirda koreys mutaxassislari doimiy asosda Toshkent aeroporti faoliyatiga jalb qilinishi mumkin.

Hamkorlik doirasida MAK xodimlari uchun Janubiy Koreyada aeroportlar xizmatlari va inshootlarini faoliyatini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkaziladi.