Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 yanvar kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini samarali olib borish va ushbu sanani har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

30 yanvar kuni Islom Karimov tavalludining 80 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 noyabrda qabul qilingan qarori asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida Islom Karimov maqbara majmuasi, Qarshi shahrida esa Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlab haykal bunyod etilmoqda.

«O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan hujjatli film suratga olinmoqda. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan bir qancha ilmiy-ommabop kitoblar, jumladan, Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asari nashr etilmoqda.

Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va Islom Karimov xayriya jamoat fondi tomonidan ham bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Martda Samarqandda Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Yubiley kunlarida barcha ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, nuroniylar, turli soha mutaxassislari ishtirokida Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuvlarni mazmunli va yuqori saviyada, ta’sirchan ruhda, aniq hayotiy misollar asosida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

«Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bog‘liq barcha marosim va tadbirlarni Birinchi Prezidentimizning Vatanimiz oldidagi unutilmas xizmatlariga har tomonlama munosib holda o‘tkazish bizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir», — deb ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident asosiy yubiley tadbirlarini yuksak darajada o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.