O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi maxsus hukumat komissiyasi tashkil etildi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Komissiya Qozog‘iston vakillari bilan birgalikda Aqto‘be viloyatida avtobusda yuzaga kelgan yong‘in sabablari va mamlakat fuqarolari shaxsini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Hukumat komissiyasi tarkibidan tashqi ishlar, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa mahkamalar vakillari o‘rin olgan.

FVV va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Mudofaa vazirligining maxsus borti Qozog‘istonga uchishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hodisa joyiga o‘zbekistonlik mutaxassislar va shifokorlar jo‘natiladi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanida avtobusning yonib ketishi oqibatida 52 kishi halok bo‘ldi, 5 kishi jarohatlandi. FVVning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning katta qismi O‘zbekiston fuqarolaridir.