O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida 2017 yilda mamlakatda ro‘yxatga olingan tug‘ilishlar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Yil davomida respublikada 722094 tug‘ilish ro‘yxatga olingan bo‘lib, 2016 yilga nisbatan 10490 ta yoki 1,4 foizga kamaygan. Yangi tug‘ilgan go‘daklarning 375192 nafari o‘g‘il, 346894 nafari qiz bolalardir.

Eng ko‘p Samarqand viloyatida tug‘ilishlar qayd etilgan — 89637 yoki umumiy miqdorning 12,4 foizi, shaharlar bo‘yicha esa eng ko‘p tug‘ilish Namanganda kuzatilgan — 14992 yoki 2 foiz.

Boshqa viloyatlar bilan solishtirilganda o‘g‘il bolalar Qashqadaryo viloyatida 3395 ta yoki 9,4 foizga ko‘proq tug‘ilgan.

2017 yilda tug‘ilgan 5678 qiz bolaga Madina, 5674 o‘g‘il bolaga Azizbek ismi qo‘yilgan.

Yil davomida 14382 juftlik (tug‘ilishlar jami sonining 1,9 foizi), 138 uchlik va 1 holatda to‘rtlik egizak dunyoga kelgan. To‘rt bola Andijon viloyatining Shahrixon tumanida dunyoga kelgan.

Eng og‘ir chaqaloq (qiz bola) vazni 9870 g, eng uzun bo‘yli go‘dak (o‘g‘il bola) 70 sm ni tashkil etdi.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi ona o‘zining 9-farzandini dunyoga keltirdi.