Toshkent va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelib yashash uchun ruxsatnoma olgan, biroq respublikaning boshqa hududlarida propiskadan o‘tmagan jismoniy shaxslar — chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar poytaxt va poytaxt viloyati hududida 600 mln so‘mdan arzon bo‘lmagan yangi qurilgan turar joylardan ko‘chmas mulk xarid qilishlari mumkin. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Avvallari bunday shartnomalar uchun eng kam narx 150 ming AQSH dollari yoki 1,221 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lishi kerak edi. Adliya vazirining 15 yanvardagi buyrug‘i bilan Notariuslarning notarial harakatlarni amalga oshirish tartiblariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yuqoridagi shartlar asosida turar joy sotib olgan shaxs Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy propiska olish huquqiga ega bo‘ladi.

Parallel ravishda bunday shartnomalarni notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojining eng kam miqdori ham shartnoma summasining 10 foizigacha kamaytirildi.

Yangi qurilgan inshootlar deganda foydalanishga topshirilganiga uch yildan oshmagan inshoot yoki turar joy binosi nazarda tutiladi.